16:47 / 30.03.2016
1922

Surxondaryo viloyatida “Tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining muhim omili” mavzuida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi tomonidan “Tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining muhim omili” mavzuida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta'minlashda muhim omil bo‘layotgani ta'kidlandi.

– Dunyoda ekstremizm va terrorizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi globallashuv davrida xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni turli illatlar ta'siridan asrash, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi partiyaning Surxondaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari A.Ro‘ziyev. – Ana shu maqsadda chekka tuman va qishloqlarda ham turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etish, yoshlarni mustaqil fikrlaydigan yuksak ma'naviyatli insonlar etib tarbiyalashda davlat tashkilotlariga ko‘maklashmoqdamiz.

Qumqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tadbirda partiya dasturida belgilangan vazifalar doirasida mahallalarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloqlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yuksaltirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi. Diniy ekstremizm va terrorizmning ayanchli oqibatlari aks etgan hujjatli film namoyish etildi.

Top