22:20 / 30.03.2016
1898

Toshkent hokimi: Aholidan eng katta qarzimiz – yo‘l ta'minoti masalasida

28 mart kuni Toshkent shahrida avtomobil yo‘llari va ko‘priklar qurilishi, ba'zi yo‘nalishlardagi tramvay yo‘llarining demontaj qilinishi bilan bog‘liq matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Rahmonbek Usmonov Jahongirovich ham ishtirok etdi.

Hokimning tan olishicha, ta'mirtalab va harakatlanish noqulay bo‘lgan yo‘llar talaygina. Amalga oshirilishi boshlangan bu ulkan loyiha natijasida yo‘llarda sezilarli qulayliklar yaratiladi. Dalil sifatida, hokim yo‘llar ta'minoti bo‘yicha oxirgi besh yil ichida sarflangan mablag‘ miqdoridagi summa yaqin bir yil ichida yo‘llarni yaxshilashga sarflanadi.

"Toshkent shahrida har yilgi reja asosida 30-40ta mahallani butkul ta'mirlab chiqyapmiz. 2011 yildan buyon “Namunaviy mahalla” dasturi yo‘lga qo‘yilganda ishni yo‘laklarni ta'mirlashdan boshlagan edik. Keyin esa suv quvurlarini ta'mirladik. Mana, 3-4 yildirki, har bir mahallada bolalar maydonchalarini qurishga bel bog‘langan. Toshkent aholisining oldidagi eng katta qarzimiz – bu asfalt masalasi. O‘tgan yili 32ta mahalla asfaltlangan bo‘lsa, bu yil 50ta mahallani asfalt qilishni rejalashtirganmiz. Bu son yil sayin oshib boraveradi", deydi hokim.

Top