16:42 / 30.03.2016
4639

Toshkent shahridagi 15-oilaviy poliklinikani yangi asbob-uskunalar bilan ta'minlashga 130 mln. so‘m ajratildi

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 15-oilaviy poliklinikasi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan. Bu yerda tashxis qo‘yish, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, davolash, emlash ishlari o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilmoqda. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga muvofiq homilador ayollarni asrab-avaylash, yosh onalar va bolalarni parvarish qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xotin-qizlar, oila qurayotgan yigit-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Sanitariya-gigiyena sohasidagi ishlarni kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib etish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

– Poliklinikamiz o‘nta mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi oilaviy poliklinika bosh shifokori Sh.Tursimetova. – Kasalliklarning oldini olish va oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Aholi, jumladan, fertil yoshdagi ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini mustahkamlash maqsadida har oyda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Muassasamizni ta'mirlash va yangi asbob-uskunalar bilan ta'minlash uchun joriy yilda 130 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Tug‘ish yoshidagi ayollar muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani natijasida ekstragenital kasalliklar erta aniqlanib, o‘z vaqtida davolanmoqda. Homiladorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha oila shifokori, patronaj hamshira va tibbiyotning o‘ndan ko‘proq yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. «Sog‘lom bola» xonasi, «Yosh onalar» maktabi ham tashkil etilgan. Bu maktablarda oila shifokori bo‘lajak onalarga ratsional ovqatlanish, gigiyena, tug‘ruqqa tayyorlash hamda tug‘ruqdan keyingi bola parvarishi borasida mashg‘ulotlar olib bormoqda.

Oilaviy poliklinika shifokorlari sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etishda mahalla bilan doimiy hamkorlik qilmoqda.

Top