09:27 / 30.03.2016
1612

Xitoy Beidou navigatsiya tizimining 22 sun'iy yo‘ldoshini uchirdi

Xitoy navbatdagi sun'iy yo‘ldoshi parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Ushbu apparat Beidou navigatsiya tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu haqda, Sinxua axborot agentligi xabar qilgan

Parvoz "Chanchjen-3A" (Long March-3A) raketa eltuvchi apparati yordamida Sichan kosmodromidan amalga oshirilgan.

Belgilangan manzilga yetgach, ushbu fazoviy uskuna Beidou tarmog‘ini to‘ldiradi. Aytish joizki, so‘nggi parvoz bilan "Chanchjen-3A" o‘ziga xos natijani qayd etgan. U 225 marta fazoga ko‘tarildi.

Beidou – mintaqaviy sun'iy yo‘ldoshli navigatsiya tizimi bo‘lib, Xitoy bu dasturni 2000 yildan boshlab amalga oshirib keladi. Uning tarkibida endilikda 22ta uskuna bor.

Beidou yordamida, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, XXR hududi va qo‘shni davlatlarda geografik koordinatalar aniqlanadi. Shuningdek, 2012 yildan beri tizimdan tijoriy maqsadlarda foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Xitoy 2020 yilgacha Beidou tarkibini 35ta fazoviy apparatgacha kengaytirib, uni global navigatsiya tarmog‘iga aylantirish niyatida.

Top