10:36 / 31.03.2016
1275

OAV: Facebook’da Malayziya bosh vazirini haqorat qilgan kishi hibsga olindi

Malayziya huquq-tartibot idoralari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida mamlakat bosh vaziri Najib Razzoq sha'niga nojo‘ya fikrlarni bildirgan 26 yoshli erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda Star nashri xabar qilgan.

Mamlakat kommunikatsiyalar va multimedialar komissiyasi "mahalliy yangiliklar portalining Facebook’dagi sahifasida hukumat rahbariga nisbatan tahdidli va haqoratli izoh qoldirilgan"ini aniqlagan.

O‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng, mobil telefon vositasida qoldirilgan fikrlar egasi aniqlangan. Star’ning yozishicha, bu 26 yoshli malayziyalik muhandis bo‘lib chiqdi. Ma'muriyat xodimlari ushbu ish bo‘yicha yana bir necha kishini so‘roq qilmoqchi.

Yil boshida podshohlik politsiya rahbari Xolid Abu Bakr, ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Facebook orqali tarqatilayotgan ma'lumotlar jiddiy nazorat ostiga olinishini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda, Malayziyada Facebook’ning 40 millionga yaqin foydalanuvchisi bor.

Aytish joizki, Malayziya Facebook, Twitter va Google rahbariyatlaridan, soxta xabarlar va mish-mishlarni to‘sib qo‘yishni talab qilgan edi. Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Shalleh Said Kervakning aytishicha, garchi mazkur uchta yirik kompaniya Malayziya hukumati bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsada, soxta ma'lumotlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Top