09:29 / 31.03.2016
2747

Oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibini aniqlovchi skaner yaratildi

Oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibini aniqlovchi skaner yaratildi. Qurilma nafaqat mahsulot nimadan tarkib topganini aniqlashga, balki unda qanday miqdorda vitaminlar borligi va uni qanday uzoq vaqt saqlash mumkinligini aniqlay oladi. Shuningdek, yangi qurilma istalgan non mahsulotida glyuten (oqsil) miqdorini aniqlashga imkon beradi. Bu haqda WashingtonPost nashri xabar bermoqda.

Mahsulot aniqlanishi va uning ko‘rsatkichlari tahlili ikki bosqichda o‘tadi. Avval qurilma olingan ma'lumotni o‘z ma'lumotlar bazasidagi ma'lumotlar bilan taqqoslaydi, so‘ngra mahsulot sirtini uning o‘ziga xos jihatlarini aniqlash uchun o‘rganadi.

SciO deb nomlangan yangi qurilmani yaratishda uning ixtirochilari oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishda ba'zi cheklashlarga ega odamlarga yordam berishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar. Misol uchun, qurilma qand kasalligiga ega odamlarga juda asqotadi: qurilma yordamida ortiqcha harakatlarsiz yegulikning aniq tarkibi, undagi qand miqdori va boshqa moddalarni aniqlash mumkin.

Skaner shuningdek restoranda va uyda tayyorlangan taomlar tarkibini aniqlay oladi.

SciO skaneri 249 dollardan sotilmoqda. Unga dasturlarni yuklab olish bepuldir.

Top