19:30 / 31.03.2016
2483

Toshkent shahrida suv saroyida “Nafosat olami” V sport festivali bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “Saxovat sport servis” aksiyadorlik jamiyatining suv sporti saroyida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi uchun “Nafosat olami” V sport festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e'tibor samarasida o‘g‘il-qizlar har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetayotganini alohida ta'kidladi.

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur sport festivali ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. Unda 150 nafardan ortiq 2005-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar sinxron suzish, suvga sakrash va sport raqsi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etdi.

Sport raqsi bo‘yicha juftlik o‘yinlarida Aida Valijonova, Daniil Bondarenko, Yekaterina Rogova, Hojiismoil Sultonov, yakkalik bahslarida esa Shirin Maraimova, Komil Maxumxonov, Zarina Hamroqulova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Suvga sakrash bo‘yicha Amir Yaxshiyev, Yegor Mishinev, Hoji Fuzailov, Yuliya Nushtoyeva, Olga Morozova, Yana Amriyeva birinchi o‘ringa loyiq topildi. Sinxron suzish bahslarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a'zolari birinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Top