09:22 / 01.04.2016
1238

Diyorbakirdagi portlash qurbonlari soni 7 nafar bo‘ldi

31 mart kunining ikkinchi yarmida Turkiya janubi-sharqidagi Diyorbakir shahrida yuz bergan terakt qurbonlari soni 7 nafarni tashkil etdi. Bu haqda taraqqiyot ishlari bo‘yicha vazir Javdat Yilmazga tayanib Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Aniqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, terrorchilar portlovchi modda bilan to‘ldirilgan avtomobilni masofadan turib portlatgan, u Diyorbakir avtovokzali yaqinidagi yo‘l chetiga to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lgan. Portlash, mina o‘rnatilgan mashinaga politsiyachilarni tashib ketayotgan xizmat avtobusi yaqin kelganida sodir bo‘lgan.

Natijada 7 nafar politsiyachi halok bo‘lgan va 27 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Dastlabki xabarlarda portlash 4 kishining umriga zomin bo‘lgani va 20ga yaqin kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi.

Xabar qilinishicha, portlash aholi gavjum hududda yuz bergan va jabrlanganlarning 13 nafari politsiya xodimlari, 14 nafari oddiy fuqarolar bo‘lgan. Yaralanganlarning barchasi kasalxonalarga yotqizilgan, ba'zilarning ahvoli og‘ir bo‘lib qolmoqda.

Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu voqeaga munosabat bildirib o‘tdi.

"Bu terakt yana bir marta terrorizmning haqiqiy yuzini ko‘rsatib berdi. Biz bu baloni daf qilishimiz kerak", degan u.

Bu terakt Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lining 1 aprelga mo‘ljallangan Diyorbakirga tashrifi arafasida yuz berdi.

Top