00:15 / 01.04.2016
1368

Shtaynmayyer Qirg‘izistonda TIV rahbari bilan uchrashdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisi Frank-Valter Shtaynmayyer Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev bilan muzokaralar o‘tkazdi. U uchrashuv davomida bu mamlakatda "jonli demokratiya mavjud"ligini e'tirof etib o‘tgan.

Shtaynmayyerning aytishicha, u Qirg‘izistonda 10 yil avval bo‘lgan. Bu vaqt ichida mamlakatda ko‘p narsalar yuz bergan. 2010 yildan Qirg‘iziston parlament demokratiyasi yo‘lidan ketishga qaror qilgan. Germaniya Qirg‘izistonni bu borada qo‘llab-quvvatlaydi.

"Chingiz Aytmatov demokratiya birdaniga vujudga kelishi mumkin emas, deb aytgan. U doimo qayishqoq va doimiy bo‘lishi kerak. Bu juda aqlli gaplar. Biz sizning demokratik yo‘lingizga hurmat bilan qaraymiz. Sizning davlatingiz, jumladan geografik joylashuvi sababli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 2015 yildagi parlament saylovlari sizning davlatingizda demokratiyaning mustahkamlanishi, parlament tizimining birlashishiga ko‘mak berdi", deb aytdi Shtaynmayyer.

"Qirg‘iziston bilan radikallikka qarshi kurash, iqtisodiyot sohasi va hududiy infratuzilma bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga salohiyatni ko‘rmoqdaman. Men bu yerga juda katta delegatsiya – madaniyat va fan arboblari, Bundestag deputatlari va biznes-doiralar vakillari bilan keldim. O‘ylaymanki, bu hamkorligimizni kengaytirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Bizning korxonalar, ishbilarmon doiralarni yoritmoqchimiz, sizda qanday salohiyat va muhit borligini bilmoqchimiz. Bu hamkorlik uchun asosdir. Hozirgi safar kabi usullar bilan ularda qiziqish uyg‘otmoqchimiz", deb qo‘shimcha qildi siyosatchi.

Shtaynmayyer siyosiy muzokaralar bilan bir qatorda biznes muzokaralar olib borilganini ma'lum qildi.

"Umid qilamanki, bu muzokaralar davlatlarimiz korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish ko‘rinishida muvaffaqiyatli yakunlandi. Berlinda joriy yilda biznes-forum bo‘ladi. Tashrif buyuringlar", deb ta'kidlab o‘tdi Shtaynmayyer.

Ta'kidlanishicha, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Qirg‘izistonda demokratiyalashuvga yordam beradi, jumladan 2017 yilgi prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqchi.

"Qirg‘izistondagi turmush darajasini oshirish uchun faqat texnik ko‘mak bilan cheklanib qolmay, moliyaviy va iqtisodiy ko‘mak ham ko‘rsatmoqchimiz. Shuning uchun ta'lim sohasidagi hamkorligimizni kengaytiramiz. Bundan YeXHT Akademiyasi darak beradi", deb aytib o‘tdi Shtaynmayyer.

Shtaynmayyer 31 martda Qirg‘izistonga ishchi safar bilan yetib keldi. U bu yerda 1 aprel kuni ham bo‘ladi.

Top