12:55 / 02.04.2016
1737

“Dizayn”: Bizga har kuni qo‘ng‘iroq qilishib, “Farzandlarimiz konsertingizni takror-takror ko‘rishyapti”, deb rahmat aytishmoqda

Bu jamoaning so‘nggi konsert dasturi ko‘pchilik orasida ancha tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bunga ularning munosabati qanday. Jamoa vakillari bilan bo‘lgan suhbat “Bekajon” gazetasida e'lon qilindi.

— “Oilaviy tomosha qilib bo‘lmaydi”, degan gapga munosabatingiz?

Qobil Karimberdiyev: — Bizni qo‘llagan so‘zlarni farzandlaringizga bemalol izohlab bera olasiz. Ishani bilan bog‘liq chiqishimizni oila a'zolaringizga yomon ma'noda ham, serialning ustidan kulyapti deb ham, tushuntirishingiz mumkin. balki, qaynota va qaynona bilan kelin bir oila davrasida tomosha qila olmasligi mumkindir. Hozir ba'zi klip va reklamalarni ham bunday davralarda ko‘rib bo‘lmay qoldi-ku.

— Hozir san'at vakillarining har bir qadami, harakati, so‘zi ham nazoratda. Xato qilsangiz, barcha imtiyozlardan mahrum bo‘lishingiz mumkin. Shundan qo‘rqmaysizlarmi?

— O‘zbek milliy askiya san'atining asosi kosa tagida nimkosa, degan naqlga borib taqaladi. Bizning ijodiy chiqishlarimiz ham shunga asoslangan. Tegishli tashkilotlar har kuni, har soatda telefon qilib bo‘lsa-da, ijodimizni, konsert oldi tayyorgarliklarimizni kuzatib borishadi. Ijodkorning yaratgan har bir mahsuli o‘zi uchun zo‘r, ammo inson, baribir, xato qiladi. Kezi kelganda bizga dakki beradigan yo ko‘kka ko‘taradiganlar bor. Shuning uchun biz bemalol ijod qilyapmiz. Tanqid qilayotganlar nega xolis emas? Nega bir tomonlama qarashadi? Yutuqlarimizning bittasini ham tilga olmaydi-da, faqat salbiy tomonimizni yozadi. Ehtimol, kimdir buni “buyurtma” qilgandir? Hozir kuniga 100, 150 tagacha telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘ladi. ularning 98 foizidan “rahmat” degan olqishlarni eshitamiz. “Farzandlarimiz takror-takror ko‘rishyapti”, deyishadi.

Top