20:21 / 04.04.2016
1475

Turkiya jami 202 nafar muhojirni qabul qildi

Gretsiyadan Turkiyaning Izmir provinsiyasi Dikili portiga kelgan noqonuniy muhojirlarning birinchi guruhini ro‘yxatdan o‘tkazish bugun deyarli yakunlandi.

138 nafar noqonuniy muhojirlardan iborat birinchi guruh bugun ertalab ikkita kemada Lesbos orolidan Turkiyaning Dikili portiga yetib kelgan edi.

Muhojirlar orasida ko‘plab pokistonliklar uchraydi, shuningdek, afg‘onlar va Bangladesh fuqarolari bor. Ularni Turkiyaning muhojirlar bo‘yicha boshqarmasi avtobuslarida boshqa shaharlardagi vaqtinchalik yashash joylariga olib ketildi. Bu yerda ular vatanlariga qaytarilish ishlari yakunlanguncha saqlanadilar.

Birinchi guruh muhojirlari orasida suriyaliklar yo‘q. Shu o‘rinda, Yevropa Ittifoqi ishlari bo‘yicha vazir Vulqon Bozqirning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida Gretsiyadan qaytariladigan muhojirlarning 70 foizi atrofida suriyaliklar bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, Izmir gubernatorligi kelgusida Izmirga keladigan barcha Suriya Arab Respublikasi fuqarolari samolyotda Adana shahriga yuborilishi va qochqinlar uchun lagerlarga joylashtirilishi haqida ma'lum qildi.

Shunday qilib, Turkiya YeI bilan kelishuvini amalga oshirishning ilk kunida, reja qilinganidek, 400 nafar emas, balki 202 nafar muhojirni qabul qildi. Ular uchun Dikili portida turkiyalik chegara xizmatchilari ishlaydigan tent o‘rnatilgan.

Har bir noqonuniy muhojirni safar davomida Frontex chegara nazorati bo‘yicha Yevropa agentligining bitta xodimi kuzatib boradi. Ro‘yxatdan o‘tkazish hududi metall to‘siqlar bilan o‘ralgan va IIV maxsus xizmati xodimi navbatchilik qiladi.

Top