17:00 / 05.04.2016
1575

YeChL chorak finali anonsi. Barselona va Myunxendagi to‘qnashuvlar

5 aprel kuni Yevropaning ikki yirik shahrida, Germaniyaning Myunxen va Ispaniyaning Barselona shaharlarida katta futbol uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Birinchi uchrashuvlarda "Barselona" o‘z maydonida "Atletiko"ni, "Bavariya" esa "Benfika"ni qabul qiladi.

Bir necha kun og‘ir o‘yin o‘tkazgan "Barselona" "Kamp Nou"da yana bir jiddiy bahsda maydonga tushadi. Ayni paytda Ispaniya chempionatining birinchi va ikkinchi o‘rinlarida ketayotgan bu jamoalar o‘rtasidagi farq 6ta ochkoni tashkil qilib turibdi.

O‘yin arafasida ikki jamoa bosh murabbiylari va futbolchilari matbuot anjumani orqali fikrlarini bildirib o‘tishgan.

Luis Enrike: «Atletiko»ga qarshi birinchi o‘yinda darvozamizdan gol o‘tkazmagan holda g‘alaba qozonishimiz kerak»

Jyerar Pike: «Atletiko» – Ispaniyadagi ikkinchi jamoa. Bizga klasikodagidan ham qiyinroq bo‘ladi»

Diyego Simeone: «Barselona»ga qarshi o‘yinda syurprizlar bo‘lishi ehtimoli kam»

Diyego Godin: «Biz Messinigina emas, butun «Barselona»ni to‘xtatishimiz kerak»

Bu jamoalar bahsini germaniyalik Feliks Brix boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

"Alyanz-Arena"da "Bavariya" Portugaliyaning birinchi raqamli jamoasiga qarshi chiqadi.

Germaniyaliklar nimchorak finalda jiddiy sinovdan o‘tishdi. "Yuventus"ga qarshi kechgan bahslarning ikkisida ham 2:2 hisoblari qayd etilgach, qo‘shimcha taymlarda g‘olib aniqlandi.

"Benfika" ham "Zenit"ga qarshi o‘yinlarda qiyinchilikka uchradi (1:0, 2:1).

"Bavariya" Germaniya chempionatida eng yaqin ta'qibchisida 5 ochkolik farq bilan oldinda bormoqda. Jamoa ichki chempionatdagi oxirgi turda Riberining goli evaziga "Ayntraxt"ni mag‘lub etgan.

"Benfika" esa Portugaliyaning eng kuchli jamoalaridan biri "Braga"ni 5:1 hisobida taslim etgan. Bu o‘yindagi gollarga mualliflik qilgan Jonas va Mitro‘g‘lining mavsum davomida birgalikda urgan gollari soni 50tadan oshdi.

O‘yin arafasidagi matbuot anjumanida ikki tomon vakillari o‘z fikrlarini bildirishdi.

Xosep Gvardiola: «Benfika» hozir yaxshi holatda. Men «Bavariya»ni bu to‘qnashuvda favorit deb bilmayman»

Manuel Noyyer: «Biz Jonas va Mitro‘g‘lini diqqat bilan kuzatishimiz kerak»

Ruy Vitoriya: «Bizda «Bavariya»ga qarshi o‘yin oldidan hech qanday qo‘rquv yo‘q»

Andre Almeyda: «Gvardiola to‘g‘ri aytdi, bizning himoya chizig‘imiz kuchli»

Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadigan bu o‘yinni polshalik Shimon Martsinyak boshchiligidagi hakamlar boshqarishadi.

Javob o‘yinlari 13 aprel kuni Madrid va Lissabon shaharlarida o‘tkaziladi.

6 aprel kuni ham YeChLning chorak finalidagi yana 2ta o‘yin "PSJ"-"Manchester Siti" va "Volfsburg"-"Real" juftliklari ko‘rinishida bo‘lib o‘tadi.

Top