22:37 / 05.04.2016
1652

Islandiya bosh vaziri iste'foga ketdi

Islandiya bosh vaziri Sigmyundyur Gyunnleygsson ofshorlar bilan bog‘liq mojaro sababli iste'foga ketdi, deb xabar bermoqda Islandiyaning RUV telekanali.

Yangi bosh vazir etib mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri tayinlandi.

Avvalroq Islandiya aholisi bosh vazirda ofshor mavjud ekanligi haqidagi ma'lumotlar paydo bo‘lgandan keyin uning iste'fosini talab qilib Reykyavikdagi bosh maydonga chiqqandi.

Shuningdek, Islandiya bosh vaziri Sigmyundyur Gyunnleygsson va moliya vaziri Byarni Benediktsson ofshor hisob raqamlari haqidagi ma'lumotlardan keyin parlament oldida javob berishlari ma'lum qilingandi.

Bosh vazir nomi yuridik xizmatlar ko‘rsatgan Mossack Fonseca firmasi hujjatlarida tilga olingan. "Panama hujjatlari" deb atalgan bu hujjatlarga ko‘ra, Gyunnleygsson rafiqasi bilan birga 2007 yilda Britan Virginiya orollarida Wintris Inc. deb nomlangan ofshor kompaniyani tashkil etgan. Hujjatlarda aytilishicha, kompaniya "shaxsiy ehtiyojlar" uchun yaratilgan.

Gyunnleygsson Islandiya hukumatini 2013 yil 1 maydan boshqarib kelayotgandi.

Top