19:18 / 05.04.2016
3434

O‘zbekistonda neyroxirurgiya sohasida tashxis qo‘yishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz neyroxirurgiyasida erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi filiallari, eng olis tumanlardagi bo‘limlarida ham neyroxirurgiya xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimiz neyroxirurglarining xalqaro ilmiy markazlar olimlari bilan hamkorligi natijasida bosh va orqa miya kasalliklarini tashxislash va davolashning zamonaviy texnologiyalari, ilg‘or fan yutuqlariga asoslangan usullar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Shifoxonalarda kompyuter tomografiyasi, magnit-rezonans tomografiyasi, raqamli rentgen uskunalari va ultratovush tekshirish jihozlari keng qo‘llanilayotgani miya shikastlanishini erta aniqlash imkonini bermoqda. Bugungi kunda jarohatli bosh miya gematomalari, suyakning botib sinishi, miya parazitar kasalliklari, yuzaki joylashgan bosh miya o‘simtalarini olib tashlash kabi neyroxirurgik amaliyotlar viloyat kasalxonalarining neyroxirurgiya bo‘limlarida muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu asab bilan bog‘liq kasalliklarni samarali davolash, nogironlikning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.

Matbuot anjumanida soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish, ilg‘or ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish borasidagi ishlar haqida ham ma'lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Top