19:23 / 05.04.2016
1262

O‘zMUda 27 nafar fan nomzodi doktorlik dissertatsiyasini himoyaga olib chiqmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat ko‘rsatishayotgan fan nomzodi va dotsentlar talabalarga ta'lim-tarbiya berish bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlarini ham izchil davom ettirmoqdalar. O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, shu kungacha ulardan 27 nafari turli mavzularda doktorlik dissertatsiyalarini yozib tugalladilar.

– Har bir oliy ta'lim muassasasining nufuzi – uning ilmiy salohiyati bilan belgilanadi,– deydi O‘zMU rektori Shuhrat Sirojiddinov.– Shul boisdan o‘quv dargohimizda avvalo ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan. Universitet Axborot-resurs markazida internet tarmog‘iga ulangan kompyuterlar orqali tadqiqotchilar dunyoning istalgan ilmiy muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatish imkoniga egadir.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda doktorlik dissertatsiyasini himoyaga tayyorlayotgan pedagog xodimlardan tashqari O‘zMUda katta ilmiy xodim-izlanuvchi bosqichining 1-kursida 36, 2-kursida 38, 3-kursida 44 nafar tadqiqotchilar ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar. Shuningdek, mustaqil tadqiqotchilar ham o‘z mavzulari ustida tinmay izlanmoqdalar. Ular 1-kursda 32, 2-kursda 39, 3-kursda 29 nafarni tashkil etadi. Mohiyatan olib qaralganda, bu yil ana shu yosh tadqiqotchilarning 70 dan ortig‘i doktorlik dissertatsiyalarini himoyaga olib chiqishlari kutilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan raqamlarning barchasi fan doktorlariga aylangan taqdirda O‘zMUning ilmiy salohiyati qay darajada bo‘lishini tasavvur etishning o‘zi maroqlidir.

Top