15:31 / 05.04.2016
2376

Quyoshdan quvvat oluvchi shahar bo‘ylab sayohat

Masdar Sitining ajralib turadigan jihati – energiya quvvati bilan o‘zini o‘zi to‘liq ta'minlashidir. Neft ishlab chiqaruvchi Abu-Dabi amirligidagi bu shahar foydali qazilmalardan foydalanmaydi. Chunki unda elektr quvvati olish uchun o‘n minglab quyosh batareyalari o‘rnatilgan.

Benzinda yuradigan mashinalar bu yerda qonun bilan taqiqlangan. Shahar aholisi piyoda yoki elektrokaralarda yuradi. Kelgusida Masdar hamda Abu-Dabini ulaydigan metro qurilishi rejalashtirilmoqda. Mahalliy quyosh elektrostansiyalari bir kunda 1,5 GVt elektr quvvatini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Masdarning qurilishi BAA uchun kelajakka tikilgan sarmoyadir. Bu – neftdan keyingi eraning birinchi shahri. Uning qurilishi 2006 yili boshlangan. Qurilish bosh rejasini britaniyalik Norman Fosterning arxitektura byurosi ishlab chiqqan.

Ayni paytda loyihaning besh yil muddatga mo‘ljallangan ikkinchi fazasi amalga oshirilishi boshlangan. Bu davrda yangi savdo va yashash uylari, maktablar va chakana savdo do‘konlari qad rostlaydi.

Shahar maydoni bor-yo‘g‘i 6 kvadrat kilometr, bu yerda 4 ming odam yashaydi. Keyinchalik Masdarda 90 ming aholi doimiy yashashi va 60 ming nafar odam bu yerga ishga kelib ketishi mumkin bo‘ladi.

Masdar Siti Abu-Dabidan 17 kilometr janubi-sharqda joylashgan. BAA poytaxti xalqaro aeroportidan mashinada 5 daqiqada, Dubaydan esa bir soatda Masdarga yetib kelishi mumkin.

Top