10:48 / 05.04.2016
1338

Ukraina prezidenti Yaponiyaga rasmiy safarini boshlamoqda

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 5 aprelda joriy yilda "katta yettilikda" (G7) raislik qiluvchi Yaponiyaga rasmiy safar bilan kelmoqda.

Poroshenko safar davomida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe, mamlakat parlamentining ikkala palatasi rahbarlari, boshqa yuqori lavozimli mansabdor shaxslar hamda yapon biznesi vakillari bilan uchrashadi. Uchrashuvlarda Poroshenko ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishi belgilangan.

Avvalroq Yaponiya tashqi ishlar vazirligida ma'lum qilingandek, Poroshenkoning Yaponiyaga safari 7 aprelgacha davom etadi. Shu kunlar davomida Poroshenko Yaponiya bosh vaziri bilan muhokama o‘tkazishi hamda rafiqasi bilan Kioto shahriga safar uyushtirishi belgilangan.

Avvalroq Yaponiya Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yesixide Suga ma'lum qilganidek, Abe G7 raisi sifatida hukumatining Ukrainadagi vaziyatni tinchlik bilan hal qilish va Kiyevga ichki islohotlarda yordam berishni qo‘llab-quvvatlashdagi qat'iyyatligini ko‘rsatmoqchi.

G7 sammiti Yaponiyaning Ise-Sima shahrida 26-27 maylarda bo‘lib o‘tadi. Sammitda Yaponiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va AQSh ishtirok etadi. O‘tgan iyun boshida Abe Germaniyaga G7 sammitiga ketayotganda Kiyevga kirib o‘tgan. Shu tariqa Poroshenkoning Yaponiyaga safari javob tashrifi bo‘ladi.

Ukraina o‘z iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun xorijdan moliyaviy ko‘mak qidirishga majbur bo‘lmoqda. Ukraina moliya vazirligi mart oxirida Kiyev makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash uchun Tokiodan uzoq muddatli 331 mln dollarlik imtiyozli kredit olganini ma'lum qildi. Bu mablag‘lar makroiqtisodiy islohotlar va ijtimoiy xarajatlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, Yaponiya Ukrainaga sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohalaridagi 5 ta loyihani amalga oshirish uchun 335 ming dollarlik beg‘araz moliyaviy ko‘mak taqdim qildi.

2014 yildan beri Yaponiya Ukrainaga islohotlarni barqarorlashtirish va rag‘batlantirish uchun 1,85 mlrd dollarlik kredit taqdim qilgan.

Top