16:50 / 06.04.2016
1568

“Osiyo millatlar kubogi – 2016” xalqaro turnirida o‘zbekistonlik shaxmatchi ayollar kumush medalni qo‘lga kiritdi

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan “Osiyo millatlar kubogi – 2016” xalqaro turnirida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

To‘qqiz turdan iborat musobaqaning so‘nggi turida shaxmatchi qizlarimiz Shri-Lanka vakillari bilan bahslashdi. Nafisa Mo‘minova va Sevara Boymurodova durang natija qayd etgan bo‘lsa, Sarvinoz Qurbonboyeva va Irina Gevorkyan raqibalarini mag‘lubiyatga uchratdi – 3:1.

Shu tariqa, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi jami 22,5 ochko to‘plab, qit'amizda ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 22 davlat o‘rtasida beshinchi o‘rinni egalladi. So‘nggi turda terma jamoamiz iordaniyalik shaxmatchilarni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda Marat Jumayev, Aleksey Barsov, Akmal Fayzullayev va Nikita Xoroshev raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Top