19:30 / 06.04.2016
2852

Noqonuniy taksilar 6,5 mlrd so‘m miqdorida jarimaga tortildi

O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyevning ma'lum qilishicha, yil boshidan beri qonunga xilof ravishda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanganlar 6,5 mlrd so‘m miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘lishgan. U shu mavzuga oid seminarda mazkur ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashgan.

"Umuman, Soliq qo‘mitasining IIV YXHB, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazgan maxsus reydlari natijasida 5,5 mingga yaqin noqonuniy taksichilar aniqlangan", deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston axborot agentligi.

Ikki oylar avval, Davlat organlari yo‘llardagi qonunbuzarlarga qarshi keng qamrovli kampaniyani boshlagani xususida xabar qilingandi. Bu borada doimiy ravishda ish olib borish rejalashtirilgan. Xususan, Toshkent shahrida 50 ga yaqin ko‘chma guruhlar faoliyat yuritmoqda. Ular, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotganlar va avtomobil egalari hujjatlarini tekshirishadi, bekatlar va transport vositalari to‘xtash joylarida faoliyat yuritishadi.

Ushbu choralar birinchi galda yo‘nalishli taksilar faoliyatini bir me'yorga keltirish maqsadida amalga oshirilgan. Aslida, qonunga xilof ravishda yo‘lovchilarni tashiyotganlarni jazolash ham asosiy maqsad emas, balki ularni qonuniy daromad topishga yo‘llab qo‘yish va yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash bosh vazifadir.

Umuman, noqonuniy taksilik qilayotgan xususiy avtomobil egasiga eng oylik ish haqi (130 ming 240 so‘m)ning 20 barobaridan 100 barobarigacha jarima solinadi. Kompaniyalar rahbarlariga, ularning xodimlari shunday faoliyat ustida ushlangudek bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 50 dan 150 baravarigacha jarima solinishi qonunda belgilab qo‘yilgan.

Mabodo, ushbu holat takroran aniqlansa, fuqarolarga nisbatan jarima miqdori eng kam oylik maoshning 25 barobaridan 75 barobarigacha oshiriladi yoki 5 yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etiladi.

O‘zbekistonda litsenziyali taksi ayrim talablarga javob berishi kerak. Qonuniy taksilarga litsenziya kartochkasi beriladi, uning salonida davlat soliq idorasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan nazorat kassa apparati o‘rnatiladi, bank plastik kartochkalari orqali to‘lovlarni qabul qilish uchun to‘lov terminali ham bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, poytaxt taksilari fil suyagi rangida, mintaqalardagi taksilar esa, sariq rangda bo‘lishi lozim.

Bugungi kunga kelib, respublikada transport korxonalari soni qariyb 2,5 mingga yetgan. Ularning ixtiyorida 60,7 ming transport vositalari bo‘lib, shundan 31,4 mingtasi yengil avtomobillardir. Sohada 90 mingdan ortiq kishi faoliyat yuritadi.

Top