20:34 / 06.04.2016
3459

Olimlar yugurish va piyoda yurish surunkali stresslarda yordam berishini aniqlashdi

Piyoda yurish, yugurish, suzish, zinalardan yuqoriga ko‘tarilish kabi aerob mashqlar surunkali stressda yurak-tomir tizimi ishini normallashtiradi. Bu haqda Experimental Biology 2016 anjumanida amerikalik olimlar ma'lum qilishdi. O‘tkazilgan tadqiqot tafsilotlari bilan Amerika psixologiya jamiyati saytida tanishish mumkin.

Surunkali stresslar qon tomirlari holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va yurak-tomir kasalliklarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Bunday stresslarning asoratlari bo‘lib aorta tomirining qattiqligi oshishi yoki to‘qimalarning elastikligi kamayishi hisoblanadi. Shimoliy Virginiya universiteti olimlari aerob mashqlar aorta holatini qanchalik yaxshilashini tekshirishga qaror qildilar.

Ular bu maqsadda kalamushlarni jismoniy faolligi bo‘yicha 4 guruhga bo‘lishdi. Tajribalar 2 oyga yaqin davom etdi. Tadqiqotlar yakunlangach, maxsus yo‘lakchada yugurish mashqlarini bajarishga majbur qilingan kalamushlarning yurak-tomir tizimi jismoniy faollikda cheklangan kalamushlarnikiga nisbatan 83 foizga yaxshilangani ma'lum bo‘ldi.

Olimlar o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida surunkali stresslarni davolash tizimiga aerob mashqlarni qo‘shishni tavsiya qilishmoqda.

Top