14:09 / 06.04.2016
2618

Uzmobile GSM abonentlari soni 500 ming kishiga yetdi

O‘zbek milliy mobil operatori Uzmobile’ning GSM tarmog‘i bo‘yicha mijozlari soni bugungi kunga kelib, 500 ming kishidan ortib ketdi. Bu haqda Sputnik agentligi kompaniya vakiliga asoslanib xabar bergan. 

Kelgusida, GSM tarmog‘ida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, uning qamrovini kengaytirish hamda yangi tarif rejalarini taklif etish bilan mijozlar sonini keskin oshirish rejalashtirilmoqda.

2016 yilda, mobil aloqa xizmatlari sonini ko‘paytirish maqsadida 30dan ortiq takliflar ishlab chiqilmoqda. O‘zbekiston bozorida shu paytga qadar mavjud bo‘lmagan yangi korporativ xizmatlar ham taklif etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakat fuqarosining davlat infratuzilmalari bilan faol muloqotini hamda o‘zaro munosabatlar shaffofligini ta'minlash maqsadida milliy operator elektron hukumat loyihasini rivojlantirish sohasida ham qator rejalarni amalga oshiradi.

Mijozlarni jalb etish borasida talabalar, kichik va xususiy tadbirkorlik vakillariga alohida e'tibor qaratiladi. Shuningdek, dilerlik tarmoqlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunga kelib, Toshkent shahrining o‘zida, 20ta sotish va xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyat ko‘rsatadi, mamlakat bo‘ylab 110dan ortiq shunday markazlar mijozlar og‘irini yengil qilmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekistonning barcha hududlarini GSM tarmog‘i bilan qamrab olish maqsadida, jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining zamonaviy uskunalarini bosqichma-bosqich o‘rnatish ishlari olib borilyapti.

Uzmobile milliy mobil operatori o‘tgan yil 15 aprelida ilk GSM tarmog‘ini Toshkent shahri va viloyatida ishga tushirgandi. Bungacha, 2004 yildan beri kompaniya CDMA-450 EV-DO tarmog‘ida xizmat ko‘rsatib kelardi. 2015 yil oxiriga kelib, Uzmobile GSM mamlakatning barcha viloyat markazlarida ham ish boshlagan edi.

Top