20:23 / 07.04.2016
3843

Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlab yangi sayt ishga tushirildi

Qarshida buyuk Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatini dunyoga keng targ‘ib etish hamda tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlab yaratilgan «www.sohibqiron.uz» saytining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

Mustaqillik yillarida Amir Temur shaxsi va amalga oshirgan ishlari haqida kitoblar nashr qilindi, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialining bir guruh iqtidorli talabalari tomonidan yaratilgan «www.sohibqiron.uz» sayti ana shunday ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

14 bo‘limdan iborat mazkur sayt sodda interfeys shaklida ishlab chiqilgan. Undan Amir Temurning hayoti va faoliyati, avlodlari, moddiy va ma'naviy merosi bilan bog‘liq yangiliklar, tarixiy obidalar xaritasi, ma'naviyat, ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida qilgan xizmatlari va davlat boshqaruvi to‘g‘risidagi «Temur tuzuklari» asaridan olingan manbalar, ma'lumotlar, temurshunos va tarixchi olimlarning ilmiy manbalari aks ettirilgan videolavhalar joy olgan. Jahon ahlining Amir Temur siymosiga bo‘lgan qiziqishi, taniqli olimlarning Sohibqiron haqidagi fikrlari keng o‘rin egallagan.

Foydalanuvchilar sayt orqali Amir Temur faoliyati va hayoti haqidagi elektron resurslarni ko‘chirib olish imkoniyatiga ham ega. Barcha manbalar o‘zbek, ingliz va rus tillarida qo‘yilgan.

Top