12:23 / 07.04.2016
1687

Bloomberg: Rossiya va AQSh IShIDga qarshi al'yans tashkil etishga yaqin turibdi

Suriya armiyasi va kurd harbiy bo‘linmalarining IShID terroristik guruhiga qarshi muvaffaqiyatlari Rossiya va AQShning ushbu yo‘nalishda o‘z harakatlarini yanada muvofiqlashtirish hamda Moskva va Vashington o‘rtasida o‘ziga xos harbiy al'yans tashkil etilishi ehtimolini kuchaytirmoqda. Amerikaning Bloomberg agentligi tahlilida shunday fikr ilgari surilgan.

"AQSh va Rossiya ittifoqchilari hisoblangan kuchlar Suriyadagi fuqarolik urushida frontning qarama-qarshi tomonida edi. Ammo, endilikda ular IShID ta'sir doirasiga kirib bormoqda. Suriya armiyasining 27 mart kuni Palmirani ozod qilgandan keyingi asosiy vazifasi IShIDning Iroq va Suriya o‘rtasidagi yo‘llarini to‘sib qo‘yishdan iborat", -deyiladi maqolada.

"AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kurd bo‘linmalari o‘z navbatida, IShIDning ma'muriy markazi Raqqa shahriga tobora yaqinlashmoqda. Bu esa, IShIDni qurshovga olish uchun eng qulay fursatdir. Agar, shu maqsadda hamkorlikda choralar ko‘rilsa, AQSh va Rossiya o‘ziga xos al'yansga kirgan bo‘ladi", - degan fikrni bildiradi Bloomberg ekspertlari.

Buning natijasi o‘laroq, Bashar Asad hokimiyati mustahkamlanadi.

Maqolada yozilishicha, "AQSh va Rossiya tinchlik kelishuvlarining hayotga tatbiq etilishi borasida choralarni kuchaytirmoqda" hamda garchi "Vashington Asad hokimiyatini qo‘llab-quvvatlamasada, IShIDga qarshi jiddiy choralar ko‘rish zarurligi xususida Kreml bilan yakdildir".

IShIDga qarshi jangovar harakatlarning muvaffaqiyati YeI uchun ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Yevropa mamlakatlari, ikkinchi jahon urushidan beri eng yirik qochqinlar oqimini to‘xtatish va teraktlarning oldini olish uchun jiddiy bosh qotirmoqda.

Top