07:44 / 07.04.2016
1590

Makmanaman: "Real" o‘yinchilari "Volfsburg" bilan uchrashuvda maktab bolalaridek o‘ynashdi

Madridning "Real" jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Stiv Makmanaman madridliklarning Chempionlar Ligasi chorak finalining dastlabki uchrashuvida mehmonda "Volfsburg" bilan o‘yinini tanqid qildi. Uchrashuv "bo‘rilar"ning 2:0 hisobidagi sensatsion g‘alabasi bilan yakunlandi.

"Men "Real" ayanchli holatda deb o‘ylagandim va haq bo‘lib chiqdim. Shanba kunidagi parvozdan keyin bunday qulash sodir bo‘ldi... Qanot himoyachilari Danilo va Marselo barcha joyda harakat qildilar, biroq Pepe va Serxio Ramos go‘yoki bir-birlarini birinchi bor ko‘rayotgandek o‘ynadilar.

Men jamoa bunchalik yomon holatda bo‘lganidan hayratdaman, chunki osoyishta, bosiq o‘yinni kutgandim. Madridliklar himoyada 10-12 yoshli maktab bolalaridek harakat qilishdi. Bu juda ayanchli ko‘rindi.

Hammasida murabbiyni ayblash yaramaydi, axir Danilodan tashqari, u maydonga "Barselona"ni yutgan tarkibni tushirdi", deb aytdi sobiq ingliz futbolchisi BT Sport efirida.

Top