00:18 / 08.04.2016
2008

2015 yilda Qirg‘izistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi hajmi 19 foizga qisqarib ketdi

Qirg‘izistonning 2015 yildagi Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 1 mlrd 337,6 mln dollarni tashkil qildi va 18,7 foizga qisqarib ketdi. Eksport 22,1 foizga, ya'ni 558,1 mln dollargacha kamaygan. Import esa 18,7 foizga kamayib, 749,5 mln dollarni tashkil qilgan. Bu haqda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi savdo va investitsiyalar bo‘yicha dastlabki kelishuv kengashining (TIFA) 10-yig‘ilishida ma'lum bo‘ldi.

"Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasining qisqarishi jahon inqirozi va faqatgina u bilan bog‘liq", deb aytdi Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Arzibek Kojoshev.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2014 yilga nisbatan 30 foizga kamaygan va 156,5 mln dollarni tashkil qilgan. Bunda eksport 95 mln dollarni tashkil qilgan va 18,6 foizga kamaygan. Import esa 61,5 mln dollarni tashkil qilgan va 42,3 foizga kamaygan.

Shuningdek, Qirg‘izistonning eng asosiy savdo hamkorlaridan biri sanaluvchi va Qirg‘izistonning xorijiy davlatlar bilan savdo aylanmasi hajmi bo‘yicha 3-o‘rinni egallayotgan Qozog‘iston bilan savdo aylanmasi 1 mlrd 46,9 mln dollarni tashkil qilgan va 2014 yilga nisbatan 18,6 foizga kamaygan. Bundan eksport 27,7 foizga kamayib, 368,6 mln dollarni tashkil qilgan. Import esa, aksincha, 12,7 foizga ortib, 678,3 mln dollarni tashkil qilgan.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 79,3 mln dollarni (4,5 foiz kamayish), jumladan import 8,1 mln dollarni (2,5 foiz o‘sish), eksport 71,2 mln dollarni (5,2 foiz kamayish) tashkil qilgan.

Turkmaniston Qirg‘iziston bilan tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari ichida oxirgi o‘rinda turibdi. O‘tgan yili Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi import hisobiga 4,1 foizga oshgan va 10,2 mln dollarni tashkil qilgan. Bundan eksport 6,3 mln dollarni (20,1 foiz kamayish), import 3,9 mln dollarni (2,1 marta oshgan) tashkil qilgan.

Top