17:39 / 08.04.2016
1536

Boeing samolyotining Rostovdagi halokati bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi

Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi o‘tgan oyda Rostov-Donda qulagan FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 A6-FDN yo‘lovchi samolyoti bo‘yicha tekshiruvlar xulosalarini ma'lum qildi. Bu haqda qo‘mita saytida xabar berilgan.

"Qora quti"ning dastlabki tahlil natijalariga ko‘ra, samolyot ekipaji qo‘l boshqaruvi orqali (avtopilot o‘chirilgan) qiyin ob-havo sharoitida (630 m qalinlikdagi bulut, qattiq shamol, yomg‘ir) qo‘nishni amalga oshirishga kirishgan", deyiladi xabarda.

"Birinchi qo‘nish jarayonida, 340 metr balandlikda bort tizimidan shamol kuchi va yo‘nalishining keskin o‘zgargani haqida ma'lumot olgach, ekipaj ikkinchi aylanaga ketish to‘g‘risida qaror qabul qilgan va ob-havo o‘nglanishini kutib, aeroport hududida parvozni davom ettirgan. Qayta qo‘nishga urinish chog‘ida, 220 metr balandlikda, uchish-qo‘nish maydoniga 4 kilometr qolganida ekipaj samolyotni yana ko‘kka ko‘tarib, dvigatellarni parvoz tartibiga o‘tkazadi", deyiladi DAQ xabarida.

Ekipajning keyingi harakatlari havo kemasining yer bilan to‘qnashuvining oldini ololmagan va soatiga 600 kilometr tezlikda fojia yuz bergan.

Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi labaratoriyasida halokatning to‘liq kartinasini tiklash ishlari davom etmoqda. Ekipaj harakatini baholash uchun Rossiya, AQSh, BAA vakillari jalb etilgan.

Eslatib o‘tamiz, FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 layneri 19 mart, shanba kuni Rostov-Don aeroportiga qo‘nish vaqtida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 55 yo‘lovchi va 7 ekipaj a'zosi halok bo‘ldi.

Top