20:37 / 08.04.2016
1703

Joze Mourino: «Kuchli chempionatda ishlashni istayman. Variantlar esa ko‘p emas»

«Chelsi» jamoasidan iste'foga chiqarilganidan beri bo‘sh bo‘lgan mutaxassis Joze Mourino yozda ishga qaytishni rejalashtirayotgani haqida yana bir bor ta'kidladi.

«Men shu yozda ishga qaytishim haqida aniq ishonch bilan aytishim mumkin. Menda yaxshigina takliflar bor.

Faqat o‘tirib yaxshilab o‘ylab olish va takliflardan birini tanlash qolgan. Yozda mening yangi ish joyim haqida bilib olasizlar. Aniq aytishim mumkin bo‘lgani shuki, men «Eshtoril» yoki «Pasush»da ish boshlamayman, chunki ular mavsumni yaxshi o‘tkazishmoqda va ular murabbiyni o‘zgartirishga hojat sezishmayapti.

Men shunday joyda bo‘lamanki, bu men o‘z g‘oyalarimni o‘tkaza oladigan joy bo‘ladi. Men o‘zim kerak bo‘lgan joyda ishlayman.
Men mas'uliyat talab qiladigan joyda ishlashni istayman. Menga ishlash va yutuqlarga erishish murakkab bo‘lgan ish joyi kerak. Men g‘olib bo‘lish qiyin bo‘lgan chempionatda va oldimga amalga oshirish qiyin bo‘lgan vazifalar qo‘yiladigan jamoada ishlamoqchiman. Bunday variantlar esa ko‘p emas», – deya ishora qiladi Mourino.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oylar davomida ushbu mutaxassis «Manchester Yunayted»da Lui van Gaalning o‘rnini egallashi haqida yozib kelishadi.

Biroz oldinroq esa, «Real» YeChLda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa Zidanning o‘rniga aynan Mourino qaytarilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishi haqida xabar berildi.

Shuningdek, unga «Inter» jamoasidan qiziqish borligi aytilgan.

Top