14:58 / 08.04.2016
1459

Turkiya TIV: Anqara va Tel-Aviv munosabatlarni iliqlashtirish arafasida

Turkiya va Isroil o‘zaro munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvni imzolash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Bu haqda Turkiya TIV ma'lum qilgan.

"Ikki davlat delegatsiyasi 7 aprel kuni Londonda uchrashuv o‘tkazdi", deyiladi TIV xabarida.

Uchrashuvda o‘zaro munosabatlarni iliqlashtirish jarayonida rivojlanish kuzatilgani qayd etilgan. Tomonlar bu kelishuvni tuzish borasida yaqin vaqt ichida yana bir bor uchrashishlari aytilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Turkiya delegatsiyasiga Faridun Sinirlio‘g‘li, isroilliklar delegatsiyasiga esa Jozef Sichanove hamda Isroil milliy xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Yakov Nagel boshchilik qilgan.

17 dekabr kuni Isroil va Turkiya tomonlari, Shveytsariyada Sinirlio‘g‘li va Isroil bosh vaziri vakili hamda «Mossad vakili» o‘rtasidagi uchrashuvda 2010 yilda isroillik harbiylar va G‘azo sektori qamalini buzmoqchi bo‘lgan aktivistlar o‘rtasidagi nizodan so‘ng uzib qo‘yilgan diplomatik aloqalarni qayta tiklash haqida dastlabki kelishuvga erishgandi.

O‘shanda Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmalari Turkiyaning «Mavi Marmara» kemasini qo‘lga tushirgan, operatsiya chog‘ida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan edi.

Turkiya bilan kelishuv shartlari bo‘yicha Isroil «Mavi Marmara»da halok bo‘lganlarning oilalariga ko‘maklashish jamg‘armasini tuzishga tayyor. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, bunda gap 20 million dollarlik tovon puli haqida boradi.

Turkiya esa operatsiyada qatnashgan isroillik harbiylarni ta'qib qilishdan voz kechadi va Falastinning HAMAS harakati yetakchilaridan biri Saloh al-Aruriyning o‘z hududiga kirishini taqiqlab qo‘yadi.

Diplomatik munosabatlarni tiklash bilan birga, Isroil va Turkiya gaz quvuri qurish haqida muzokaralarni boshlaydi.

Top