17:07 / 09.04.2016
6682

Jizzax viloyatida “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 29 fevraldagi 29-sonli majlis bayoniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ta'lim muassasalarida joriy yilning mart-dekabr oylari davomida madaniyat va san'at namoyondalari ishtirokida “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.

Mazkur tadbirlar Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda Yoshlar madaniyat va san'at markazi bilan hamkorlikda alohida tasdiqlangan reja asosida o‘tkazilmoqda.

Ushbu reja asosida tadbirlar joriy yilning 4-8 aprel kunlari davomida Jizzax viloyatining 1 ta shahar va 12 ta tumanida, ya'ni Jizzax shahrida, Arnasoy, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Jizzax, Zafarobod, Zomin, Zarbdor, Paxtakor, Mirzacho‘l, Forish, Yangiobod tumanlaridagi 241 ta umumta'lim hamda bolalar musiqa va san'at maktablarida 76 ta kasb-hunar kolleji va akademik litseylarda, 6 ta madaniyat va aholi dam olish markazlarida yuqori saviyada o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlarda 80 nafardan ziyod taniqli san'atkorlar va estrada xonandalari, kino va teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari ishtirok etib, ularda jami 93 805 nafar o‘quvchi yoshlar va talabalar ishtiroki ta'minlandi.

Ushbu tadbirlar o‘quvchi va talaba-yoshlarning yoshi va psixofiziologik jihatlaridan kelib chiqib, oldindan ishlab chiqilgan namunaviy ssenariy va ma'ruza matnlari asosida tashkil qilindi.

Tadbirlarda ishtirok etgan O‘zbekiston xalq artistlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar va madaniyat xodimlari, O‘zbekiston xalq shoir va yozuvchilari o‘quvchi va talaba yoshlarga mustaqillikka qadar bo‘lgan davr va mustaqilikdan so‘ng erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni solishtirib, “Jonli misollar” bilan ta'sirchan ruhda gapirib bermoqdalar. Yoshlar orasidan vakillar ham so‘zga chiqib, bugungi kunda xalqaro musobaqa va tanlovlarda erishgan yutuqlari, yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida so‘zlab, tengdoshlarini yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga, Vatanga, jamiyatga munosib farzand bo‘lishga chaqirdilar.

Shuningdek, o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida joylardagi ta'lim muassasalarida:

- yurtimizda mustaqillikkacha bo‘lgan davr hamda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarni aks ettiruvchi “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” nomli fotoko‘rgazmalar;

- “Kim edigu – kim bo‘ldik” degan shiorning mazmun-mohiyatini ochib berilishiga, mustaqillik yillarida mamlakatimizda turli sohalarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida olib borilayotgan ishlar, bugungi kunda dunyoning turli davlatlarida yuz berayotgan notinchliklar, diniy ekstremistik xunrezliklar, ularning ortida turgan kuchlar va ularning g‘arazli maqsadlarini ochib berishga qaratilgan videoroliklar namoyishi tashkil etildi.

Targ‘ibot tadbirlari davomida yoshlarni vatanparvarlikka undovchi, tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrashga da'vat etuvchi, shuningdek g‘arazli g‘oyalar va turli kuchlarning jinoyatkorona harakatlarni fosh etuvchi “Ajal jodusi”, “Gumrohlar”, “Jasur”, “Odnoklassniki.ru”, “Sotqin”, “Afg‘on”, “Balli Kamoliddin!”, “Shunqorlar” kabi badiiy filmlar viloyatdagi 241 ta umumta'lim maktablarida, 76 ta kasb-hunar kollejlarida namoyish etildi.

Tadbirlar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston”, “Yoshlar” va Diyor telekanallari orqali yangiliklar tarzida efirga uzatildi.

Tadbirlarda O‘zbekiston milliy axborot agentligi, “Jizzax haqiqati”-“Djizzakskaya pravda” gazetalari, “Jizzax ovozi” va mahalliy gazetalar muxbirlari ishtirok etdilar.

Shuningdek, joylarda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari “www.uza.uz”, “www.mcs.uz”, “www.xtv.uz”, “www.yoshlarmarkazi.uz”, “www.jizzax.uz”, “www.jizzax.mcs.uz”, “www.kun.uz”, “www.uz24.uz”, “www.fattohhon.com”, www.myday.uz, “www.popcorn.uz”, kabi saytlarda muntazam yoritilib borildi.

Targ‘ibot tadbirlari o‘z navbatida estrada xonandalarining internetdagi “instagram”, “facebook”, ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifalarida onlayn ravishda yoritilib, 700 ming nafardan ziyod o‘quvchilarni qamrab olgan.

Yoshlar madaniyat va san'at markazi matbuot xizmati.

Top