20:57 / 09.04.2016
1374

Minglab britaniyaliklar bosh vazir Devid Kemeronga qarshi namoyishga chiqdilar

Buyuk Britaniyaning bir necha ming aholisi mamlakat bosh vaziri Devid Kemeronning iste'foga ketishini talab qilib namoyishga chiqdi. Namoyishchilar qo‘llarida Kemeronga qarshi plakatlar bilan Dauning-strit ko‘chasi bo‘ylab o‘tdilar. Bunga Kemeronning “Panama hujjatlari” deb nom olgan ofshor mojarosiga aloqasi borligi sabab bo‘lgan.

Norozilardan ba'zilarining boshlarida panama bosh kiyimi bo‘lgan. Ular shu tariqa Kemeronning “Panama hujjatlari”ga aloqasi borligiga kinoya qilishgan.

Namoyishchilar Kemeronning o‘zi ular bilan suhbatlashmaguncha tarqalmasliklarini aytishgan. Ularning fikricha, mojaroga aralashib qolgan siyosatchi iste'foga ketishi lozim.

“Panama hujjatlari” chop etilgandan keyin Kemeron ofshor kompaniyasining egalaridan biri bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Kemeron dastlab buni inkor qilgan. Keyinroq esa u ofshor kompaniyasi aksiyalari unga otasidan meros bo‘lib qolganini tan olgan. Biroq uning aytishicha, u bu aksiyalarni bosh vazir bo‘lgungacha sotib yuborgan.

Top