08:49 / 09.04.2016
1324

Shimoliy Koreya qit'alararo ballistik raketa uchun yangi dvigatelni sinovdan o‘tkazdi

Shimoliy Koreya Soxe poligonida qit'alararo ballistik raketa uchun yangi turdagi dvigatelni quruqlikdagi sinovini o‘tkazdi. TASS axborot agentligining ma'lum qilishicha, bu haqda 9 aprelda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar bergan.

Ta'kidlanishicha, dvigatel mamlakatning mudofaa sanoati mutaxassislari tomonidan mahalliy texnologiyalar asosida yaratildi.

Sinovni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning shaxsan o‘zi boshqardi va u bu sinovni "Koreya Ishchi partiyasining 7-qurultoyi oldidan Shimoliy Koreya mudofaa qobiliyatini mustahkamlashdagi katta voqea" deb atadi. Qurultoy may boshida boshlanadi.

Kim Chen In bu muvaffaqiyatli sinov natijasida "amerikalik imperialistlar va boshqa dushman kuchlariga yadroviy hujumning yana bir turini qo‘llash kafolatlanganini" ta'kidlab o‘tdi.

Top