21:31 / 09.04.2016
1958

Xitoyliklar printer ishlab chiqaruvchi Lexmark kompaniyasini sotib olishmoqchi

Amerikaning chop etish tizimlari ishlab chiqaruvchisi Lexmark kompaniyasining xaridorlaridan birining nomi ma'lum bo‘ldi. Xaridor kartridj, tonerlarni va ularga bo‘lgan chiplarni ishlab chiqaruvchi xitoyning Apex Technology kompaniyasi hisoblanadi. Bu haqida Reuters axborot agentligi kompaniyalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan muzokaralarga asoslanib xabar berdi.

Ularning ma'lumotiga ko‘ra, Lexmark rahbariyati Apex kompaniyasi bilan tuziladigan shartnomani istiqbolli deb hisoblashmoqda. Ammo kompaniya xitoyliklar shartnomani bajara olishi bo‘yicha kafolat olishni xohlamoqda. Apex top-menedjyerlari aprel oyida Lexmark rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazish uchun AQShga uchib kelishadi va kelishuv imzolashga harakat qilishadi, deydi nashrning suhbatdoshlaridan biri.

Reuters manbasining ta'kidlashicha, Apex kompaniyasi Lexmarkni sotib olish bo‘yicha amerikaning sarmoya banklari bilan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, ular bir necha xitoy banklarini ham bu ishga jalb etishgan. Umuman olganda, kompaniyalar o‘rtasida shartnoma tuzilishi bo‘yicha aniq ishonch hozircha mavjud emas.

2015 yilning oktabr oyida Lexmark kompaniyasi Goldman Sachs Group sarmoya banki bilan o‘z taqdirini hal etish bo‘yicha hamkorlik boshlaganini e'lon qilgan edi. Variantlar orasida – Lexmarkni yoki uning alohida aktivlarini sotish (masalan, dasturiy ta'minotlarni yoki qurilmalar ishlab chiqarish bo‘limini sotish) ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqaruvchining bozordagi kapitalizatsiyasi 2 milliard dollarni tashkil etadi.

Top