14:19 / 10.04.2016
1390

«Milan» bosh murabbiyi: «Agar «Yuventus»ga emas, boshqa jamoaga qarshi o‘ynaganimizda g‘alaba qilgan bo‘lardik»

«Milan» jamoasi bosh murabbiyi Sinisha Mixaylovich Italiya chempionatining 32 turida «Yuventus»dan uchralgan 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men natijadan xafaman, mag‘lubiyat uchun o‘ynamagandik. Futbolchilardan bundan ortig‘ini so‘ray olmayman ham.

«Milan»da muammolar mavjud, lekin hozirgi holatimizga omadsizlik ham sabab bo‘ldi.

Bugun biz faqat 3 ochko uchun emas, jamoa sharafi uchun ham o‘ynagandik. Yana bir marta muxlislar ishonchidan mosuvo bo‘lishni istamagandik. Lekin biz mag‘lubiyatni bosh ko‘targan holda qabul qilishimiz mumkin, bugungi kunda «Yuventus» ligadagi barcha jamoalardan bir bosh ustun.

Buffon 2ta yoki 3ta seyv amalga oshirdi. Bu esa o‘yin natijasida muhim o‘rin tutdi. Biz shu ruhda davom etishimiz kerak. Chunki, mavsum davomida bizda ruhiyat bilan bog‘liq muammolar ko‘p bo‘ldi.

Turinliklarga qarshi o‘yin esa bizga keyingi o‘yinlar oldidan ishonch paydo qildi. Bu jamoaga qarshi Italiya Kubogi finalida ham o‘ynashimiz kerak. Agar bugungi o‘yinimizni turnir jadvalining boshqa qismida turgan jamoaga qarshi o‘tkazganimizda albatta g‘alaba qozongan bo‘lardik», – deydi Mixaylovich.

Top