23:02 / 10.04.2016
1231

Peruda prezidentlik saylovlari boshlandi

10 aprelda Peruda prezident va parlament deputatlari saylovlari boshlandi.

Peru prezidenti lavozimiga 10 nomzod da'vogarlik qilmoqda. Ulardan asosiy nomzod 3 kishi bo‘lib, ular: korrupsiya va jinoyatlar uchun turmada jazo o‘tayotgan sobiq prezident Alberto Fuximorining qizi Keyko Fuximori (o‘ng pozitsiya), sobiq bosh vazir Pedro Kuchinski ("Peruliklar o‘zgarishlar uchun" koalitsiyasi) va "Keng front" so‘l koalitsiyasi vakili Veronika Mendos.

Shuningdek, nomzodlar orasida mamlakatning ikki sobiq prezidenti – Alan Garsiya va Alexandro Toledo ham bor. E'tiborlisi, saylovlarda davlat mablag‘larini xarjlagani uchun dastlabki hibsda bo‘lgan Gregorio Santos ham ishtirok etmoqda. Hozircha u bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Mamlakatning saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovlarning 1-bosqichida 50 foiz va yana bir ovoz to‘plagan nomzod g‘alaba qozonadi. Biroq ekspertlarning fikricha, bu saylovlarda 2-bosqich o‘tkazilishi ehtimoli katta. 2-bosqichga 1-bosqichda eng ko‘p ovoz to‘plagan 2 nomzod chiqadi. Bu holda 2-bosqich 5 iyunda o‘tkaziladi.

Jamoatchilik fikri so‘rovnomasining ko‘rsatishicha, 2-bosqichda kurash Keyko Fuximori va Pedro Kuchinski orasida bo‘lishining ehtimoli katta.

Peruliklar prezidentdan tashqari, yana ikki vitse-prezidentni, kongressning 130 a'zosini va And parlamentining 5 deputatini saylaydilar. Peruda saylovlarda 18 yoshdan 70 yoshgacha barcha fuqarolar ishtirok etishi shart, saylovchilarning umumiy soni 22,9 mln kishini tashkil qiladi.

Top