20:47 / 11.04.2016
1617

"Boko Xaram" 2014 yilda o‘g‘irlab ketgan qizlarni ozod qilish uchun 35 mln funt sterling talab qildi

Nigeriyada harakat qiluvchi "Boko Xaram" terrorchilik guruhi (2015 yildan "IShIDning G‘arbiy Afrika viloyati" degan nom olgan) roppa-rosa ikki yil avval – 2014 yil 14 aprelda Nigeriyaning shimolidagi Chibok shahridagi maktab-internatdan o‘g‘irlab ketgan qizlarni qaytarish uchun 35 mln funt sterling talab qildi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda.

Nashrning anonim manbalarga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, terrorchilik guruhi yetakchilari qizlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan Nigeriya hukumati bilan aloqaga chiqqan. Terrorchilar qizlarni ozod qilish uchun 10 mlrd nigeriya nayri (35 mln funt sterling) talab qilmoqda.

Bu orada qizlarning ba'zilari qochishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq qolgan 219 nafar qizning taqdiri va joylashgan o‘rni hanuzgacha noma'lumligicha qolmoqda. Qizlar o‘g‘irlangandan bir oydan keyin terrorchilar yetakchisi Abubakr Shakayi asiralarni Nigeriya turmalaridagi bir necha safdoshlariga almashishga tayyorligini aytgan. Bu ayirboshlash Qizil xoch tashkiloti vositachiligida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan, biroq Nigeriya hukumatining terrorchilarni ozodlikka chiqarishni istamagani sababli amalga oshmagan.

O‘tgan yil boshidan beri Nigeriya armiyasi terrorchilik guruhiga qarshi bir qator operatsiyalar o‘tkazgan va uni Kamerun chegarasiga surib chiqargan. Bu operatsiyalar davomida 1000 dan ko‘proq ayol va qizlar ozod qilingan, biroq Chibokdagi qizlarni topishga muvaffaq bo‘linmagan.

Top