19:35 / 11.04.2016
1456

Moskvaning "Dinamo" jamoasi Jorj Mendesh bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzoladi

Moskvaning "Dinamo" jamoasi mashhur futbol agenti Jorj Mendesh bilan hamkorlik qilish borasida bitim tuzdi. Bu haqda moskvaliklar jamoasi matbuot xizmati boshlig‘i Konstantin Alekseyevga asoslanib, TASS agentligi xabar tarqatgan.

"Ha, "Dinamo" Mendesh bilan hamkorlik qilish bo‘yicha bitim tuzdi. Tafsilotlar keyinroq ma'lum qilinadi", deyda matbuot kotibi.

2015 yilning iyunida UYeFA "Dinamo"ni 2015-16 yilgi mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etish huquqidan mahrum qilgandi. Bunga jamoa moliyaviy fair play qoidalariga rioya etmagani sabab bo‘lgan.

Mendesh 1996 yilda futbol agenti sifatidagi faoliyatini boshlagandi. Uning GestiFute nomli idorasi o‘z vaqtida Luish Figuga ishlagan. Ayni vaqtda Krishtianu Ronaldu va Rikardu Kuarejma kabi portugaliyalik futbolchilarga aynan Mendesh agentlik qiladi. 2004 yilda "Portu" YeChLda g‘olib chiqqach, Mendesh ushbu jamoa bosh murabbiyi Joze Mourinoga agentlik qila boshlagandi.

"Dinamo" ushbu futbol agenti bilan 2005 yilda hamkorlik qilishni boshlagandi. O‘shanda moskvaliklar jamoasi ikkita transferlar oynasi vaqtida 11 nafar xorijlik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olgan, ammo bu transferlar katta yutuqlar keltirmagandi.

Ayni vaqtda Mendeshning kompaniyasi 200dan ortiq futbolchiga xizmat qiladi. Fabiu Koentrau, Pepe, Moutino, Nani, Anxel Di Mariya, Falkao, Burak Yilmaz va Viktor Valdes shular jumlasidan.

Top