23:40 / 11.04.2016
1870

Qozog‘istonlik chegarachilar "Moskva- Toshkent" poyezdida noqonuniy yuklarni aniqlashdi

O‘tgan dam olish kunlari qozog‘istonlik chegarachilar Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida noqonuniy yuk va giyohvand moddalar aniqladilar. Bu haqda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati rasmiy saytida ma'lum qilindi.

Qozog‘istonning Sariag‘och chegara otryadining "Saryagash j.d." o‘tkazish punkti naryadi "Moskva-Toshkent" yo‘nalishidagi poyezdning uchta vagonida kontrabanda yuki – xalq iste'moli mahsulotlari – 43 kilogrammlik oziqaviy qo‘shimchalar va 8 kg atir-upa aniqlashdi. Ushbu holatdan Janubiy Qozog‘iston viloyati huquq-tartibot muassasalari vakillari xabardor etildi. Taftish uchun poyezdda yo‘lboshlovchi bo‘lib ishlagan O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosi tushirib qoldirildi.

Shu kunning o‘zida xizmat iti yordamida O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosi qo‘lga olindi. Uning qo‘l yuki tekshirilganda 200 grammga yaqin o‘ziga xos hidga ega bo‘lgan yashil rangdagi o‘simlik – marixuana bo‘lishi taxmin qilinayotgan modda aniqlangan. Qo‘lga olingan shaxs temir yo‘l izlariga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi bo‘lgan.

Shuningdek, qozog‘istonlik chegarachilar shu chegara otryadining "Jibekjoly avto" o‘tkazish punktida xizmat iti yordamida O‘zbekistonning 33 yoshli yana bir fuqarosini qo‘lga olishdi. Uning yonida ham marixuana aniqlangan. Qo‘lga olingan kimsa Qozog‘istondan O‘zbekistonga piyoda ketayotgan bo‘lgan. U tekshirilganda, paypog‘i ichiga 53 gramm atrofidagi marixuana moddasini yashirmoqchi bo‘lgan. Ushbu haqda tegishli idoralarga xabar berildi.

Top