16:14 / 12.04.2016
1586

Samvel Babayan: "Guruhda bir-biriga munosib jamoalar yig‘ilgan"

Bugun, 12 aprel kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida 2018 yilgi Jahon chempionatiga saralashning uchinchi bosqichi uchun qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qur'a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “A” guruhidan o‘rin oldi. Milliy terma jamoa uchinchi bosqich davomida Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Suriya hamda Qatar terma jamoalari bilan 2ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

Marosimda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida qur'a natijalari va saralashning uchinchi bosqichi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Bugun muhim kun edi. Muhimligi, bizning guruhga qanday darajadagi raqiblar tushgani e'tiboridan emas. Bu bosqichda osonlik bilan yengish mumkin bo‘lgan raqibning o‘zi bo‘lmaydi – aynan raqiblar nomlarini bilib olish va shu kun, mana shu daqiqadan tayyorgarlikni boshlash, guruhimizdagi jamoalarni o‘rganish jarayoniga kirishish nuqtai nazaridan kelib chiqib aytyapman.

Mana endi biz keyingi bosqich tayyorgarligiga to‘laqonli kirishishimiz, raqib jamoalar o‘yinlarini tahlil etishni boshlashimiz, o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish uchun saralashdagi raqiblarimiz darajasi, o‘yin saviyasiga yaqin jamoalar tanlashimiz mumkin.

Shu o‘rinda muxlislarga ham murojaat qilmoqchiman: Biz har bir o‘yinimizda sizlarning qo‘llab-quvvatlashingizni, madadingizni, ko‘magingizni his qilib turdik. Futbolchilar ham ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda sizlarni baxtiyor qilish uchun bor kuchlarini isha solib harakat qilishdi. Shunday qo‘llab-quvvatlashdan, shunday ko‘makdan keyingi bosqichda ham umid qilib qolamiz. O‘z navbatida biz yigitlar bilan o‘zbek futboli oldida turgan asosiy vazifa – Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bu bizning qo‘limizdan keladi deb o‘ylayman. Buning uchun bizda yetarlicha mahoratli futbolchilar bor. O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan jamoa hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi uchun, kerakli barcha sharoitlar yaratib berilyapti.

Raqiblarga keladigan bo‘lsak, ularning hech biri bu yergacha tasodifan yetib kelmadi. Guruhda bir-biriga munosib jamoalar yig‘ilgan. Yaqqol favoritlar yoki autsayderlar yo‘q. Hozir har bir o‘yinga hayotimizdagi eng muhim o‘yindek munosabatda bo‘lishimiz kerak. Har bir o‘yin alohida syujyet, alohida tarix. Biz uchun eng asosiysi - ayni vaqtda birinchi o‘yinda g‘alaba qozonib olish", - deydi Samvel Babayan.

Top