15:02 / 13.04.2016
3421

2016 yilda Surxondaryo viloyatida namunaviy loyiha asosida 1 ming 48 yangi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan

Surxondaryo viloyatida joriy yilda namunaviy loyiha asosida 1 ming 48 yangi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

“Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi Surxondaryo viloyati filialidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2009-2015 yillarda viloyatda namunaviy loyiha asosida 4 ming 700 dan ortiq uy-joy foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy massivlarda ijtimoiy infratuzilma obektlari barpo etish, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda 100 dan ortiq ijtimoiy bozor infratuzilmasi obekti, yuzlab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilib, foydalanishga topshirildi.

2015 yilda viloyatda qurilgan 14 massivda yuzdan ziyod qurilish tashkiloti ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil 130 tashkilot jalb etilgan.

Termiz tumanidagi Navro‘z, Guliston, Manguzar va Limonzor massivlarida 312 zamonaviy uy-joy barpo etilmoqda. Navro‘z massivida qad rostlayotgan namunaviy loyihalar asosidagi 214 yangi uy qurilishida o‘ttizga yaqin qurilish tashkiloti ishchilari mehnat qilmoqda. Bu yerda “Tallashqon invest” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 1 milliard 278 million so‘mlikdan ortiq bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

Guliston massivida namunaviy loyiha asosida 44 uy bunyod etilmoqda. Bu yerda qurilayotgan to‘rt xonali zamonaviy uylardan biri termizlik O‘ktam Xudoyqulov buyurtmasi asosida qad rostlayotir.

Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sho‘rchi tumanlarida ham zamonaviy massivlar qurilishi davom etmoqda. Obod va osoyishta yurtimiz qiyofasini o‘zgartirishga, yurtdoshlarimizning turmush madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgan ushbu zamonaviy uylarni Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Top