11:04 / 13.04.2016
2668

Chikagoda Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan shaxmat turniri o‘tkazildi

10 aprel kuni AQShning Chikago shahrida istiqomat qiluvchi o‘zbeklar jamoasi tashabbusi bilan Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan shaxmat turniri tashkillashtirildi.

Kun.uz mobil muxbirining xabar berishicha, ushbu musobaqada Chikago va atrof hududlarda yashovchi 9 yoshdan 63 yoshgacha bo‘lgan shaxmat ishqibozlari ishtirok etishgan.

"Tadbirni Chikago o‘zbek jamiyati yetakchisi Olimjon Sharipov ochib berdi. Tadbirda O‘zbekistondan kelgan jurnalist Jasur Hamroyev ham ishtirok etdi. U tadbir haqidagi reportaj yig‘ish bilangina mashg‘ul bo‘lmasdan, o‘zi ham shaxmatdagi mahoratini sinovdan o‘tkazdi", deydi muxbir.

Turnir yakunida birinchi o‘rinni Rustam Aliyev egalladi. Ikkinchi o‘rin Shahboz Yahyoyevga, uchinchi o‘rin esa turnirning yoshi eng ulug‘ ishtirokchisi Umar Otajonovga nasib etgan.

G‘oliblarga Chikago o‘zbek-amerika assotsiatsiyasi prezidenti Olimjon Sharipov tomonidan sovg‘alar topshirilgan.

Musobaqa davomida 9 yashar Firdavs Davudov yosh bo‘lishiga qaramay katta yoshlilarga qiyinchilik tug‘dirib, ko‘pchilikning e'tiboriga tushdi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joizki, Chikago o‘zbek maktabida o‘quvchilarga shaxmat o‘rgatiladi. Firdavs ham shaxmatni Chikago o‘zbek maktabida o‘rgangani aytilgan.

Top