14:02 / 13.04.2016
1648

O‘FF «Paxtakor»ning 3 futbolchisini litsenziyasidan mahrum qilishi mumkin

O‘zbekiston futbol federatsiyasi (O‘FF) tartib intizom qo‘mitasi Toshkentning «Paxtakor» klubining uch nafar futbolchisini litsenziyasini bekor qilish ogohlantirishi bilan jazoga tortdi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-19) bosh murabbiyi Jasur Abduraimovning bildirgisiga asosan, terma jamoaning ikki nafar a'zosi Doston Ibrohimov va Saidjamol Davletjanov 23-30 mart kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘indan o‘zboshimchalik bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmasdan ketib qolishgani uchun 1 mln. so‘m miqdorida jarimaga tortilishdi.

Shu bilan birga yoshlar terma jamoasiga nomzod bo‘lgan «Paxtakor»ning boshqa bir a'zosi Jamshid Yusupovga terma jamoaning bir qator yig‘inlariga 2-3 kunga sababsiz kechikib kelganligi uchun 500 ming so‘m miqdorida jarima solindi.

Jarimalar kor qilmagan taqdirda Doston Ibrohimov, Saidjamol Davletjanov va Jamshid Yusupovlar muayyan muddatga futbolchilik litsenziyasidan mahrum qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Top