11:09 / 14.04.2016
1690

OAV: 2016 yilda XXRning AQSh iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari rekord ko‘rsatkichga yetishi mumkin

2015 yilda Xitoyning AQShga kiritayotgan sarmoyalari ikki martaga oshib, 30 milliard dollargacha yetishi mumkin. The Wall Street Journal gazetasi, Rhodium Group tadqiqot kompaniyasi va Amerika-Xitoy aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha AQSh milliy qo‘mitasi ma'lumotlariga tayangan holda shu haqda xabar qilmoqda.

2015 yili ushbu ko‘rsatkich 15 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilda xitoyliklar Amerikaga 11,9 mlrd dollar sarmoya olib kirishgan.

"Biroq, yil boshida erishilgan barcha kelishuvlar amalga oshgan taqdirdagina, yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etish mumkin bo‘ladi", deb yozadi gazeta.

Eskpertlarning ta'kidlashlaricha, kiritilayotgan investitsiyalar sur'ati sekinlasha boshlagan. Buni Xitoy tadbirkorlarining Amerika aktivlarini xarid qilishga salbiy yondashuvi sabab bo‘lmoqda.

Gap shundaki, aksariyat sarmoyalar kompaniyalarni xarid qilish, o‘z tarkibiga qo‘shib olish rejasida amalga oshiriladi. AQShdagi saylovoldi kampaniyasi avjiga chiqayotgan bir pallada, bu kabi ko‘plab loyihalar siyosatchilarning e'tiborini tortmoqda, saylovchilar esa, Amerikaning Xitoy, Yaponiya va Meksika kabi davlatlar bilan iqtisodiy hamda savdo aloqalariga ishonchsizlik bilan qaramoqda.

Xitoy dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti hisoblansada, uning AQShga kiritayotgan sarmoyasi unchalik ham katta emas. O‘tgan yili Xitoyning xorijiy davlatlarga kiritgan sarmoyasi 120 mlrd dollarni tashkil etgani holda, uning atigi sakkizdan bir qismi Amerika hissasiga to‘g‘ri keladi.

"Shunga qaramay, sarmoyalar hajmi tez sur'atlarda oshib bormoqda. Buni, XXRning o‘z iqtisodiyotini yangi texnologiyalar bilan qayta jihozlash, xizmat ko‘rsatish va iste'mol xarajatlarini ko‘paytirishga urinishi bilan izohlash mumkin", deyiladi gazeta xabarida.

"Xitoy tadbirkorlari o‘z texnologiyalarini yangilash, yangi iqtisodiy brendlar tashkil etish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqda. Ayni vaqtda, Xitoy sarmoyalari yo‘nalishida o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Endilikda, ular rivojlanayotgan davlatlardan AQSh, Yevropa va Avstraliya kabi yuqori daromadli mintaqalarga ko‘chmoqda", deydi Rhodium Group iqtisodiy eksperti Tilo Xanemann.

Top