14:10 / 14.04.2016
1775

Olimlar insult uchun javobgar genni aniqlashdi

Gyoteborgdagi bir guruh tadqiqotchi olimlar aniqlagan gen ayrim insonlar boshqalarga qaraganda insultga ko‘proq moyil bo‘lish sabablarini tushunishga yordam beradi. Bu haqda Shvetsiyaning Göteborgs-Posten gazetasida yozilgan.

FoxF2 deb nomlangan gen barcha insonlarda mavjud, ammo ba'zi kishilarda o‘zgacha faoliyat yuritadi. Olimlarning fikricha, ayni shu farq miyaga qon quyilishi xavfini kuchaytiradi.

"Agar kishi ancha uzoq yashasa, ertami kechmi baribir insultga chalinadi. Ammo, endilikda, kishilarning barvaqt insultga chalinishi sabablarini tushuntirish imkoni paydo bo‘ldi", — deydi Gyoteborg Universiteti qoshidagi Kimyo va molekulyar biologiya instituti professori Peter Karlsson.

150 mingdan ortiq insonlarning tibbiy va irsiy tahlillari natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, FoxF2 geni miya tomirlariga qon aylanishida gematoentsefalik to‘siq deb nomlanuvchi ulkan xususiyat bag‘ishlaydi.

Peter Karlssonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kashfiyot insult tadqiqotida yirik qadam bo‘lgan. Endilikda, xavotirli bemorlar guruhida qon bosimini pasaytirish imkoni mavjud. Buning uchun esa, gen o‘zgarishlarini batafsil o‘rganish talab etiladi.

Shu bilan birga, genning topilishi bilan miya tomirlarini mustahkamlovchi dorilar ishlab chiqish imkoni ham paydo bo‘lmoqda.

Professorning qo‘shimcha qilishicha, o‘zining qaysi guruhga kirishini aniqlash maqsadida poliklinikaga borishga hali erta. Ammo, olimlar genning qanday namunalari miya tomirlariga ta'sir qilishini yaqin kelajakda bilib olishadi.

Top