16:31 / 14.04.2016
1869

O‘zbekiston IIV va Xitoy o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida protokol imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyev ShHTga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig‘ilishida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a'zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Go Shenkun bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani ta'kidlandi. Bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishi turli tahdid va xavf-xatarlarga birgalikda qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada faollashtirishdan iboratdir. O‘zbekiston va Xitoy mintaqada, dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, fuqarolar osoyishtaligini ta'minlashga qaratilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida qayd etildi.

Tadbirda terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasida 2016-2017 yillarda hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida Protokol imzolandi.

Top