22:37 / 14.04.2016
4076

Toshkentdagi ShHTga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining o‘n birinchi yig‘ilishi yakunlandi

Toshkentda 2016-yil 13-14-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining o‘n birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zbekiston Respublikasi TIV rasmiy sayti. 

Unda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining yordamchisi – Xavfsizlik kengashi kotibi N.Ermekbayev, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a'zosi Go Shenkun, Qirg‘iziston Respublikasi Mudofaa kengashi kotibi T.Jumaqodirov, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi N.Patrushev, Tojikiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi A.Qahhorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi R.Alimov va ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori Y.Sisoyev ishtirok etdi.

Do‘stona va amaliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ShHT hududida xavfsizlik hamda barqarorlikni ta'minlashga doir dolzarb masalalar, terrorizm, separatizm, ekstremizm, qurol-yarog‘ va narkotiklarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, xalqaro axborot xavfsizligini ta'minlash borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va birgalikda harakat qilish mexanizmlarini takomillashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xalqaro terrorizm va ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga barcha davlatlarning birgalikdagi kurashi orqali barham berish mumkinligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Ishtirokchilar 2016-yil 23-24-iyunda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishiga tayyorgarlik ishlari haqida O‘zbekiston tomonining axborotini tingladi. ShHTning bo‘lajak sammiti tashkilotning shartnomaviy-huquqiy asosini takomillashtirish va xavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim bosqich bo‘lishi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida o‘tadigan sammitda qabul qilinishi ko‘zda tutilayotgan ShHTning ekstremizmga qarshi kurashish konvensiyasi, ShHTga a'zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishga doir tadbirlar rejasi, ShHTga a'zo davlatlarning narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha 2017-2022-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va uni bajarish bo‘yicha Harakat dasturi loyihalarini imkon qadar tezroq kelishib olish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi va MATT Ijroiya qo‘mitasi direktorining tashkilotning xavfsizlik sohasidagi faoliyati to‘g‘risida axborotlarini tingladi va ma'lumot uchun qabul qildi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining o‘n birinchi yig‘ilishi protokoli imzolandi.

Top