10:20 / 15.04.2016
1845

Hududlarda bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan turli qonunbuzarlik holatlari aniqlandi

Toshkent viloyati “S.Nadjimov” bojxona posti orqali kirib kelgan farg‘onalik X.Sodiqov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) boshqaruvidagi yuk avtotransporti mobil skaner qurilmasi yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtoulovga yasama bak o‘rnatilgani fosh bo‘ldi. Haydovchi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan, og‘zaki so‘rov vaqtida ma'lum qilmasdan, yashirin ravishda qo‘lbola bakda 1080 litr dizel yoqig‘lisini noqonuniy ravishda respublikamizga olib kirishga uringan vaqtida qilmishi fosh qilindi. Bu haqda O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jondorlik S.Jamolov boshqaruvidagi “GAZ 5312” rusumli yoqilg‘i tashish avtomashinasi to‘xtatilib tekshirilganda, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 1900 litr dizel yoqilg‘isini noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.

Navoiy viloyati Karmana tumanida harakatlanayotgan “Isuzu” yuk avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 3150 litr benzin yoqilg‘isi hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi ma'lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, qiymati 7,2 mln. so‘mdan ortiq neft mahsulotlari qorako‘llik S.Jo‘rayevga tegishliligi ma'lum bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dastlab fuqaro X.Shamuratov 40 litr dizelni pullayotgan vaqtda qilmishi fosh qilinib, uning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 18,5 mln. so‘mdan ortiq 5300 litr dizel yoqilg‘isi noqonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Xazorasplik S.Zafarovga tegishli “Isuzu” yuk avtomashinasida 4500 litr, uning tumandoshi M.Azimov boshqaruvidagi shu rusumdagi yuk avtomashinasida esa 6610 litr dizel yoqilg‘ilari noqonuniy ravishda olib ketayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Yana bir xazorasplik R.Olimov boshqaruvidagi “DAF” rusumli yuk avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, haydovchi yukxonadagi 144 dona temir va yelim idishlarga joylashtirilgan 31350 litrdan ortiq benzin yoqilg‘isini noqonuniy ravishda olib ketayotganida bojxona xodimlariga tegishli bironta hujjatni taqdim qila olmadi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top