17:49 / 15.04.2016
5057

O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 114 ta veb-sayti faoliyat yuritmoqda

Poytaxtimizdagi Aloqa tarixi muzeyida davlat organlari rasmiy veb-saytlarini va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, davlat organlari veb-saytlari va axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 114 ta veb-sayti mavjud bo‘lib, ularning 90 tasi foydalanishda qulaylik yaratish va zamonaviy texnologik talablarni inobatga olgan holda o‘zlarining mobil shakllarini joriy etgan.

Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarining soni ayni paytda 1244 taga yetgan. Seminarda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, ortiqcha ma'muriyatchilikni bartaraf etish, davlat organlari bilan kelishish jarayoni va arizachi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish, idoralararo elektron shakldagi o‘zaro hamkorlikni optimallashtirish masalalari to‘g‘risida fikrlashildi.

Top