10:58 / 15.04.2016
1602

Time: Sanders 100 nafar eng nufuzli kishilar ro‘yxatida birinchi

AQSh prezidentligi uchun saylovlarda Demokratik partiyadan nomzodini ilgari surgan Vermont shtati senatori Berni Sanders Time jurnali o‘quvchilari tomonidan dunyoning eng nufuzli kishisi deb topildi. Jurnalning rasmiy veb-sahifasida e'lon qilingan ovoz berish natijalari shunga dalolat qiladi.

Sanders saylovoldi kampaniyasidagi bosh raqibi AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klintondan (1foiz) sezilarli ko‘p, 3,3 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Senator mart oyi oxirlarida boshlangan internet orqali ovoz berish jarayonida, ilk daqiqalardanoq yetakchilikni qo‘lga olgan edi.

2015 yil dekabrida ayni jurnal o‘tkazgan so‘rovnomada ham Sanders "Yil odami" reytingini boshqargan edi.

14 aprel kuni e'lon qilingan ro‘yxatda ikkinchi o‘rin janubiy Koreyaning Big Bang guruhiga nasib etgan (2,9 foiz).

Uchinchi o‘rinni Myanma demokratik kuchlari yetakchisi va davlat maslahatchisi Aun San Su Chji egallagan.

Time jurnali o‘quvchilarining 2 foizi AQSh prezidenti Barak Obamaga ovoz berishgan va u to‘rtinchi o‘ringa joylashgan. Beshinchi o‘rinni pokistonlik huquq himoyachisi va Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Malala Yusufzay (1,9foiz) egallagan.

Jurnal tahririyati yilning eng kuchli odami deb kimni hisoblash zarurligi xususida o‘z qarashini 21 aprel kuni e'lon qiladi. Albatta, tahririyat tanlovi o‘quvchilari fikridan farq qilishi mumkin.

Top