17:25 / 16.04.2016
11243

Ijtimoiy tarmoqlarda “bum”: “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”

Deyarli ikki haftadirki, internetdagi Facebook, Twitter, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy “bum” kuzatilmoqda. Ularda jonajon O‘zbekistondagi keng ko‘lamli tadbir — “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” festivalining lahzalari yoritilmoqda.

An'anaviy bu tadbirni yoshlargina emas, ularning ota-onalari ham sog‘inib kutishgan ekan. Ko‘hna va navqiron Samarqandimizdan boshlangan bayramlarning turli-tumanligini va yoshlar u loyihalarda jonu dili bilan ishtirok etishganini ko‘rgan hech kishi befarq qolmaydi. Bu tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgan bo‘lsa-da, Internetdagi “bum”ning o‘ziga xos bir tomoni bor: ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar, maqolalar va xabarlarning mualliflari yoshlarning o‘zidir!

Ezgu niyatning natijasi shu misolda ham yaqqol ko‘rinib turibdi: bu tarmoqlardagi har turli bo‘lar-bo‘lmas xabarlardan xavotirlangan bo‘lsak, ular endi ezgu va ajoyib bayram jarayonlaridan xabardor bo‘lish uchun xizmat qilmoqda.

Facebook da hozir “Kamolot”ning markaziy va hududiy sahifalarida, festivalga bag‘ishlangan xashteglarda e'lon qilingan xabar va lavhalar bu ulkan jarayondan chetda qolishni istamagan, o‘z zavq va taasurotlarini o‘rtoqlashishni istagan minglab yoshlar tomonidan o‘z darhol sahifalarida e'lon qilinmoqda. “Layk”larga qarasangiz, “Biz buyuk yurt farzandarimiz” faollar guruhidan tashqari, “Vatanimga dil izhori”, “Yoshlar festivali-2016” hamda festival bo‘lib o‘tayotgan hududlarning nomlari aks etgan xashteglar minglab kishilarni qamrab olayotganini ko‘rasiz. Barcha tumanlarda bo‘lib festival ramzlari yanada ajoyib va o‘ziga xos. Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 25 yilligi oldidan o‘tkazilayotgan bu ulkan bayram timsollari yoshlarning tasavvur hamda timsol quvvatini ham o‘zida jo aylagan. Hukumat vakillari, san'at ustalari, ijodkorlar va el-yurt hurmatiga sazovor yuzlab vatandoshlarimiz bugun Buxoro yoshlari bilan samimiy muloqot qilishmoqda.

Buxoro davlat universiteti, Buxoro tibbiyot instituti, BMTI qoshidagi 1-akademik litsey faollari jarayonlarni yoritishda oldinda bormoqdalar. Boshqa umumta'lim maktablari, kollejlar va hududiy “Kamolot” markazlari ham xashteglarda festival jarayonlarini muntazam yoritishmoqda. Misol uchun, “Vobkent iqtisodiyot kolleji” ikki kundan beri tezkor fotolavhalarni tarmoqlarga joylab kelmoqda. Buxoro shahar 2-
umumta'lim maktabi, Toshkent davlat stomatologiya institutining Buxoro filiali, Jondor va Kogon kasb hunar kolleji faollari ham oldinda borishmoqda.

“Bizni kuzatishda davom eting! Eng qizg‘in va kutilmagan loyihalar hali oldinda” deb xitob qiladi Buxoro faollaridan Istam Obidov va Azamat Kattayev.

Ayni vaqtning o‘zida festivalni qabul qilib olishga chog‘lanayotgan Qoraqalpog‘stondan ham xabarlar paydo bo‘la boshladi. “Yoshlar festivali shukuhi Qoraqalpog‘iston osmoni uzra kezmoqda” deb nomlaydi o‘z lavhalar turkumini Nukusdan Azamat Ajimuratov. Zarnigor Nuriddinova va Murod Masaliyevlar esa Jondordagi jarayonlarni video va fotosuratlar orqali yoritishmoqda, Jalol Masurov Qorako‘ldan, Doniyor Sodiqov Romitandan, Murod Saidov G‘ijduvondan o‘ziga xos reportajlar e'lon qilishmoqda. Xabar va lavhalarning asosiy qismi ijtimoiy tarmoqdlardan tashqari, www.kamolot.uz hamda www.buhoroyoshlaru.uz sahifalarida ham keng o‘rin olgan.

Estafetani Qoraqalpog‘istondan so‘ng qabul qilib oladigan Namangan viloyati yoshlari ham tarmoqlarda o‘zlarining zavqlarini ifoda etishmoqda.

Buxorodagi bayramlar bugun ham davom etmoqda. Tezkor xabarlar va lavhalarni kuzatib borish va yoshlar ruhiyatidan, bayram zavqlaridan xabardor bo‘lish uchun yuqorida tilga olingan sahifalarga kirilsa kifoya. “Olg‘a, Buxoro yoshlari!” degan shior ortidan “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston yoshlari” degan chorlovlar turli ko‘rinishlarda yangramoqda.

Bularning bari birlashib, “Olg‘a O‘zbekiston” degan qudratli shoirga aylanmoqda. Bu jo‘shqinliklarning, zavq va taassurotlarning sababi bitta: yurtimizda hukm surayotgan bunyodkorlik,jarayonlari, yoshlarga ulkan e'tibor hamda kelajakka bo‘lgan yuksak ishonchdir. Zotan, barcha birday to‘lqinlanib kuylagan festival madhiyasida aytilganidek:

Sen buyuk yurt farzandisan!

Men buyuk yurt farzandiman!

Biz buyuk yurt farzandlarimiz!

Top