20:37 / 17.04.2016
1676

OPeK bosh kotibi neft bozoridagi inqiroz o‘z yakuniga yetayotganini taxmin qildi

Neft narxining yuqorilashi 20 oy davom etgan neft bozoridagi narxlarning qulashi ehtimol o‘z yakuniga yetayotgani haqida taxmin qilishga asos bo‘ladi. Bu haqda OPeK bosh kotibi Abdulla al-Badriyning Xalqaro valyuta jamg‘armasiga bergan bayonotida aytildi.

Al-Badriyning aytishicha, bu holat neftning me'yoridan ortiq ishlab chiqarilishini qisqartirishga qaratilgan umumjahon sa'y-harakatlari ortida yuz berdi. Al-Badriy neft narxlariga ijobiy ta'sir qiluvchi omil qatorida AQShdagi burg‘ilash qurilmalarining qisqarishini aytib o‘tdi, bu esa AQShda neft qazib olishning kamayishiga olib keldi.

OPeKning baholashicha, 2016 yilda neftga jahon talabi kuniga 1,25 mln barrelga oshadi. OPeKning fikricha, OPeK neftiga talab kuniga 1,8 mln barrelga oshadi, OPeKka kirmaydigan davlatlardan neft yetkazish miqdori kuniga 700 ming barrelga qisqaradi.

17 aprelda Qatar poytaxti Dohada Eron va Liviyadan tashqari, OPeKning barcha ishtirokchilari hamda Rossiya, Meksika, Kolumbiya, Ummon, Qozog‘iston va Ozarbayjon vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Bu uchrashuvdagi asosiy mavzu neft qazib olish hajmini muzlatish bo‘lmoqda. Tahlilchilarning fikricha, muzokaralarning natijalaridan qat'iy nazar, ular neft yetkazish hajmiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi.

Bank of America Merill Lynch va Saxo Bank ekspertlarining fikricha, agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, neft narxi hozirdagi 43 dollardan 30-35 dollargacha tushib ketishi mumkin.

Top